Izlash

Terining go‘zal va sog‘lomligini saqlash uchun voz kechish kerak bo‘lgan 7 odat

Terining go‘zal va sog‘lomligini saqlash uchun voz kechish kerak bo‘lgan 7 odat
Mukammal tashqi ko‘rinish, go‘zallik va terining salomatligi nafaqat irsiyat hamda atrof-muhit, balki kun davomida bajariladigan odatlar bilan ham bog‘liq bo‘ladi.
Quyoshdan himoyalovchi kremdan muntazam ravishda foydalanmaslik
Onkologlarning fikricha, har beshinchi odamda teri saratonining paydo bo‘lish xavfi bo‘ladi. Quyoshning ultrabinafsha nurlari esa ushbu kasallikning rivojlanish xavfini oshiruvchi asosiy omillardan biri sanaladi. Hatto bulutli havoda ham 80 foizgacha bo‘lgan ultrabinafsha nurlar teriga ta’sir qilishi mumkinligi sabab ham doimiy ravishda himoyalanib yurishni kanda qilmaslik kerak. Shuni inobatga oling va har safar ko‘chaga chiqishdan avval SPF-krem bilan himoyalaning. Shuningdek, quyosh nuridan himoya qiluvchi ko‘zoynakdan foydalanishni unutmang.
Terini gubka yoki mochalka bilan tozalash
Yuvinish kunlik gigiyenaga amal qilishning muhim qismi hisoblanadi, yuz terisini esa dekorativ kosmetik vositalardan foydalanmagan taqdirda ham kechasi va ertalab tozalab turish kerak bo‘ladi. Ammo bu borada aslo yuvinish uchun mo‘ljallangan gubka yoki mochalkadan foydalanmang. Bunday vositalar yuzga shikast yetkazishi, shuningdek, terining tabiiy yog‘ qatlamini yo‘q bo‘lishiga hissa qo‘shib, erta qarishga olib kelishi mumkin.
Sovundan foydalanish
Sovun tarkibidagi pH’ning yuqori miqdori terining tabiiy yog‘lanishiga ta’sir qilib, tabiiy himoyani ketkazishi mumkin. Bunday mahsulot terini shikastlashi mumkinligi tufayli ham pH miqdori u qadar ko‘p bo‘lmagan sovunlarni xarid qilish tavsiya qilinadi.
Terini doimiy ravishda namlantirmaslik
Muntazam ravishda namlantirishga nafaqat quruq, balki aralash va yog‘li teri ham ehtiyoj sezadi. Bu borada terini namlantirish bilan birga parvarishlaydigan krem, maz va yog‘larga e’tibor qaratish tavsiya qilinadi. Qolaversa, bu kabi mahsulotlar terini shikastlanishdan saqlab, bakteriya hamda xavfli infeksiyalarni u orqali organizmga kirishidan himoya qiladi.
Qo‘l telefonini tozalab turmaslik
Xavfli mikroblar mobil telefoningizda, jamoat hojatxonasi eshigi va unitazdagidan ko‘proq to‘plangan bo‘lishi mumkin. Foydalanish davomida teri va nafas a’zolariga yaqin tutilgani sabab ham uni o‘z vaqtida dezinfeksiyalovchi salfetka bilan artib turish kerak. Shifokorlar tozalashni hafta davomida kamida bir marta amalga oshirishni tavsiya qiladi.
Shakarni haddan ortiq darajada ko‘p iste’mol qilish
Shakarni ko‘p iste’mol qilish teri ahvoliga salbiy ta’sir qilishi mumkin. Gap shundaki, shakar molekulasining teridagi oqsil bilan birikishi terining tarang va elastikligiga javob beradigan tolalarning shikastlanishiga olib kelishi mumkin.
Kam uxlash
Uyqu davomida organizmdagi barcha tizim, xususan terida ham yangilanish bo‘lgani bois tiniqib dam olmaslik yuzda aks etmay qolmaydi. Kam uxlaganda teri o‘lik hujayralardan qutulishga ulgurmaydi. Tadqiqotlarda kechasi yetarlicha tiniqib uxlaydigan ayollarning ikki karra sekinroq qarishi aniqlangan.
  • 77
  • Рейтинг:  
    • Не нравится
    • 0
    • Нравится




  • Оставить комментарий

    Новости » Salomatlik » Terining go‘zal va sog‘lomligini saqlash uchun voz kechish kerak bo‘lgan 7 odat